Husayn Voiz Koshifiy
Notiqlik sanati namoyandasi va nazariyotchisi, mutafakkir, ilohiyotchi olim
Husayn Voiz Koshifiy (asl ismi Kamoliddin; laqabi Voiz; tax. 1442/46-yil, Sabzavor qishlogi – 1505-yil, Hirot) – notiqlik sanati namoyandasi va nazariyotchisi, mutafakkir, ilohiyotchi olim.
Husayn Voiz Koshifiy | |
Vikipediyadagi maqola | |
Vikimanbadagi asarlar | |
Vikiombordagi fayllar |
A B D E F G H I J K L M N O P Q R S T U V X Y Z Oʻ Gʻ Sh Ch Ng |
Iqtiboslar
tahrirlash- Adolat natijasida yurt obod, el farovon, xazina moʻl, shahar-u qishloqlar yashnaydi[1].
- Agar adolat himoya qilinmasa, zaif va kuchli odamlar yoʻqolib ketadi. Modomiki, zaiflar qirilib ketar ekan, kuchlilar ham omon qolmaydi. Chunki kishilarning turmushi bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq. Xullasi kalom, xalqning ahvoli adolatsiz yaxshilanmaydi[1].
- Agar oradan sharm-u hayo koʻtarilsa va kishi kishidan uyalmasa, olam nizomiga xalal yetadi[1].
- Amalda qoʻllanilmaydigan bilim jonsiz tanaga oʻxshaydi. Bilim daraxtdir, amal esa – uning mevasi… Hosil bermaydigan shox nosogʻlom boʻladi[1].
- Barcha insonlar aqlga muhtojdir. Aql esa tajribaga suyanadi. Chunki tajriba aqlninng oynasidir. Hayotiy tajriba koʻp umr koʻrish natijasida paydo boʻladi[2].
- Boylik, shamshir va lashkardan tayanch izlama. Dono kishilarning pand-nasihatlariga quloq sol. Shamshir va oʻqni yoʻq qiladigan nasihatlarga amal qil[1].
- Dunyoning ishlari siyosatsiz tartibga tushmaydi. Agar ta’lim-tarbiya, jazo toʻgʻrisidagi qonun-qoida boʻlmasa, mamlakat ishlari buziladi[1].
- Dushmaning ojiz boʻlganda koʻngilchanlik qilma, u qudratga kirsa, senga shafqat qilmaydi[2].
- Doʻstlar dilini ranjitish dushmanni murodiga yetkazishdir[1].
- Ey xoja, qachongacha boylik toʻplaysan, ular oʻlimingdan keyin qolib ketadi-ku! Agar Xorun xazinasini jamlasang ham, baribir sening taʼmagirliging va ochkoʻzliging tugamaydi[1].
- Gar mard ersang tilingni saqla,
Gʻiybat-u boʻhton-u dilozorlikdan asra[2]. - Goʻzal feʼl-atvorning nishonasi oʻn narsadir: birinchi nishonasi – yaxshilik, ikkinchi – insofli boʻlish, uchinchi – boshqa odamdan ayb qidirmaslik, toʻrtinchi – biror kishida nojoʻya harakat koʻrsa, uni yaxshi yoʻlga boshlash, beshinchi – bir odam oʻz aybiga iqror boʻlib uzr aytsa, uzrini qabul qilish, oltinchi – boshqalar uchun mashaqqatni oʻz ustiga olish, yettinchi – faqat oʻz manfaatinigina koʻzlamaslik, sakkizinchi – ochiq yuzli, shirin soʻzli boʻlish, toʻqqizinchi – muhtojlarning hojatini chiqarish, oʻninchi – muloyim va tavozeʼli boʻlishdir[1].
- Haddan ortiq gʻazab vahshiylik keltiradi va bevaqt qilingan lutf ham obroʻni ketkizadi[2].
- Hamma kishilar aqlga muhtojdirlar, aql esa amaliyotga, ish-harakatga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun ham amaliyotni aqlning oynasi, deyishadi[1].
- Har kishi zamona hodisalarining zarbasiga sabr etsa, albatta, umid oʻqi murod nishoniga tegar. Sabr qiluvchiga balolardan hech zarar yetmas. Chunki sabr shodmonlik kalitidir va rohat eshigi bundan boshqa kalit bilan ochilmas[2].
- Hasad aslida himmat pastligidan va tabʼ xasisligidan vujudga keladi. boʻlar johillik natijasidur. Hasad aqlning nuqsonli ekanligiga ravshan dalildir[2].
- Hasad balosi ulkan fasodlar paydo qilur. Chunki hasad bagʻoyat jirkanch xislatdir[1].
- Hasad, boshqalarning rohatini koʻrolmaslik – hamma sifatlarning pastrogʻidir. Hasad himmat pastligi va koʻngil xastaligidan hosil boʻladi[1].
- Hayo va andisha dunyoda tartib saqlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hayo yoʻqolsa, hech kimda vijdon ham qolmaydi. (U holda) dunyoda tartib buziladi. Kishilar bir-biriga befarq qaraydigan boʻladilar[1].
- Hech bir ishni donishmandlar bilan maslahatlashmasdan burun boshlamagil[2].
- Jiddu jahd – serharakatlilik, gʻayrat va matonat bilan bir ishga kirishmoqlikdir. Bu sifat eng goʻzal sifatlardan boʻlib, himmatga tobeʼdir[1].
- Mehmonni eshikka kuzatib qoʻyish sunnatdir[1].
- Mehmon hijolat chekar necha mezbondur tanish.
Mehmonni eshikkacha kuzatib qoʻyish sunnatdir[2]. - Mehribon va rahmdil boʻlmoq umrning va rizqning barakali boʻlishiga olib keladi[2].
- Odob, bu yomon soʻzdan va yomon ishdan oʻzini tiymoqdir hamda oʻzining ham, oʻzganing ham izzatini saqlab, obroʻsini toʻkmaslikdir[2].
- Qaysi bir koʻngul qattiq soʻzdan yaralangan boʻlsa, achchiq til zaharli nayzadek boʻlur.
Sendan til odobi qanday boʻladi, deb soʻrasalar, shunday javob ber: yaxshi fikrni ifodalash uchun ogʻizni ochish lozim, yomon gap uchun ogʻizni berk tutgan. Agar sendan: nimalardan tilni tiyish darkor, desalar, shunday degin: birinchi – yolgʻon gapirishdan, zero yolgʻonchilik odamning oʻziga dushmandir; ikkinchidan – vaʼdaga xilof ish qilishdan, chunki bu ikki yuzlamachilikdir; uchinchi – gʻiybat va boʻhtondan. Zero bu fosiqlar ishidir; toʻrtinchi – janjaldan, xusumatdan, maqtanchoqliqdan, yomon duo va haqoratdan, odamlarning ranjishiga sabab boʻladigan kulgu va masxaralashdan tilni tiymoq lozim[2].
- Sabr bilan ishlar bitar, shoshqaloqlik boshga yetar[2].
- Siringni pinhon etmoqchi boʻlsang, birovga ishonib aytma, chunki senga oʻzingdan boshqa jonkuyar yoʻq.
- Takabburga salom berma, salomga javob qaytarishi unga ogʻirlik qiladi, javob bermagani esa senga ogʻir tuyuladi[1].
- Takabburlik kaltabinlar va insoniylik tariqidan chiqqanlarning xislatidir[1].
- Toʻrt narsa saodat dalilidir: toʻgʻri soʻz, tavozeʼ, halol kasb-hunar, sir saqlash[1].
- Yaxshilar bilan hamsuhbat boʻlish va donolar bilan muloqot qilish saodatga eltadi[1].
- Yaxshi qiliq, goʻzal muomala bir yoʻldirki, u yoʻl bilan yurmasdan turib, izzat va sharaf manziliga yetib boʻlmaydi. U yoʻlga qadam bosmasdan turib, vujud yukini hayvoniyat biyobonidan insoniyat dorilmulkiga eltib boʻlmaydi[1].
- Yomonlik butun nuqsonlar majmuidir[1].
- Yomon soʻz keskir qilichdan battardir[2].
- Yoshlikda zahmat chekib, ilm oʻrgansang, kasb-hunar egallasang, qariganda rohat topasan[2].
Gʻ
tahrirlashManbalar
tahrirlash- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet.
- ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 2,13 2,14 2,15 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.