Saʼdiy Sheroziy (1210-yil; 1291 yoki 1292-yil) – forsigoʻy shoir, adib va mutafakkir.

Saʼdiy Sheroziy
Vikipediyadagi maqola
Vikimanbadagi asarlar
Vikiombordagi fayllar



Iqtiboslar

tahrirlash

Agarda muallim boʻlsa beozor,
Darsxonani qilgay bolalar bozor[1].

* * *

Agar tarbiyat koʻrmasa odam,
Eshak boʻlib qolur yuzga kirsa ham[1].

* * *

Agar oqil odam nodonlar gurungiga tushib qolsa, ulardan izzat-ikrom kutmasin, agar nodon bemaʼni kalomi bilan oqilni yengsa, buning hech ajablanadigan joyi yoʻq, zero yoqutni tosh ham sindirishi mumkin[1].

* * *

Agar qaysi yerda gʻarib xoʻrlansa, oʻsha mamlakat tezda vayron boʻlur[1].

* * *

Ayb izlash boʻlarkan tabiati, bas,
Tovus oyogʻidan oʻzgasini koʻrmas[1].

Barchaning joniga tegar darajada shafqatsiz va uchragan kimsa seni turtib ketar darajada yuvvosh boʻlma[1].

* * *

Bekitikcha soʻzni aytib boʻlmaydi,
Har majlisda aytib, qaytib boʻlmaydi[1].

* * *

Bemuruvvat erkak – ayolga, taʼmagir obid – qaroqchiga oʻxshaydi[1].

* * *

Bechora eshakki betamizdir,
Yuk koʻtargani uchun azizdir[1].

* * *

Bir qora chaqaga choʻzilsa qoʻlim,
Bir yarim tangaga kesilgani soz[1].

* * *

Bir cholga yoʻliqib Yunon yurtida,
Dedim, ey oqilu, zukko-yu, hushlik,
Insonga nima ish yaxshidir?
Dedi: „Xomushlik, xomushlik, yana xomushlik!“[2]

* * *

Bu sham boshqa bir shamni yoqishi bilan nuridan hech narsa kamaymaydi[1].

Diling kuymasin noumidlik bilan,
Yorugʻ kun tugʻilgay qaro kechadan[1].

* * *

Dil oromi – yaxshi boʻlsa gar xotin,
Yomon boʻlsa, undan Xudo asrasin[1].

* * *

Donishmand – baqqolning doʻkoniga oʻxshaydi: borini indamaygina koʻrsatadi-qoʻyadi, nodon esa lashkar nogʻorasining oʻzi: ovozi baland-u ichi boʻm-boʻsh va gʻarib[1].

* * *

Donishmandlar: „Oʻz gʻarazi, manfaatinigina koʻzlagan odam qarindosh, xesh-aqrabo emasdir“, deganlar[1].

* * *

Dunyodagi barcha neʼmatlardan faqat yaxshi nom qoladi, hatto shuni ham qoldirolmagan odam baxtsizdir[1].

* * *

Dushmanlikdan emas chayon chaqishi,
Shunday tabiati, feʼlin xohishi[1].

Ey gʻofil, koʻp oʻylab foyda-yu mol,
Umring sarmoyasin aylama poymol[1].

Gunohsiz kishi soʻzga botir boʻlur[1].

Haddan oshgan g‘azab qo‘rquv tugʻdirar, meʼyorsiz erkalash olomon koʻz oʻngida obroʻyingni toʻkur[1].

* * *

Hamrohini mushkul yoʻlda tashlab ketgan odam hech yerda halovat topmaydi[1].

* * *

Har narsaga bogʻlama ko‘ngil,
Ko‘ngil uzmoq juda ham mushkul[1].

* * *

Har neki babaqodir,
Ko‘ngil bermak xatodir[1].

Ikki kishi besamar ish qilgan va benaf tashvish chekkan: biri – boylik toʻplab, foydalana bilmagan va ikkinchisi – ilm oʻrganib, unga amal qilmagan[1].

* * *

Ilgari tashqi koʻrinishi betartib, lekin ichki dunyosi chiroyli insonlar bor edi. Hozirgi insonlar esa tashqi koʻrinishi chiroyli, ichki dunyosi betartib[3].

* * *

Istamay mutolaa qilayotgan talaba – qanotsiz qush[1].

Johil dovulga oʻxshaydi, ovozi juda kuchli, ammo ichi boʻshdir[1].

Kim agar oʻsibdi noz-u neʼmatda,
Holi ogʻir boʻlar, qolsa kulfatda[1].

* * *

Kim mehr koʻrgazdi yirtqich boʻriga,
Sitam-la shoʻr qoʻshdi qoʻyning shoʻriga[1].

* * *

Kim yovuzlik urugʻini sepsa, pushaymonlik yigʻar[1].

* * *

Kitobi yoʻq olim – mevasiz daraxt[1].

* * *

Koʻcha sevgisi uyni barbod etar,
Uyingni xotin mehri obod etar[1].

Mardlik kuchda va shamshir oʻynatish sanʼatida emas, mardlik oʻzni tuta bilishda va adolatli boʻlishdadir[1].

* * *

Mazlumlar dilini ogʻritma bir zum,
Balki bir kun oʻzing boʻlasan mazlum[1].

Nechun soʻzlay, soʻzlamagan yaxshi on,
Ogʻizda til boshga erur posbon[1].

* * *

Nodonning idroki – indamaslikda. Agar nodon buni tushunib yetsa, uning yarim dono boʻlgani shudir[1].

* * *

Nokasga yoʻl koʻrgazmoq – goʻrga chiroq tutmoqdir[1].

* * *

Nuqsoningni doʻstdan soʻrab yurma, u aytmaydi. Yaxshisi dushmanlarning nima deyishini bil[1].

Odamlar bilan ularning aqliga monand gaplash[1].

* * *

Odam tili bilan hayvondan ustun. Ammo tildan nojoiz foydalansa, hayvondan battar![1]

* * *

Ovlamoq uchun bir koʻngilni nuqul,
Boshqasiga ozor bermoq nomaʼqul[1].

Qanoat kishini qudratli qilur[1].

* * *

Qarilik hayot gullarini soʻlitib, nishlarini oʻtkirroq qiladi[1].

* * *

Qozi besh bodiring yesa gar pora,
Yuz poliz hukmiga topadi chora[1].

* * *

Qoʻlda tosh boʻlsa-yu tosh uzra ilon,
Jinoyat boʻladi urmasang shu on[1].

Solmagin zaiflar diliga alam,
Zoʻrroqning jabriga yoʻliqma sen ham[1].

* * *

Soʻzlagan vaqtimda ogʻzimdan beixtiyor yaramas, boʻlmagʻur soʻzlar ham chiqishi mumkin. Dushman esa ogʻzimdan chiqqan yomon soʻzlarnigina terib oladi. Chunki dushmanning nazari yomondan boʻlakka tushmaydi[1].

Taʼmagir koʻz dunyo moliga toʻymas,
Xuddi toʻlmaganidek shabnamga quduq[1].

* * *

Tani tuproqda-yu dil boʻlsa uygʻoq,
Tirik murda dildan oʻsha yaxshiroq[1].

Xato, ayblari yuziga aytilmagan kishi xatolarini hunar, deb oʻylaydi[1].

* * *

Xoʻkizlar gunoh qilsa har qachon,
Poda sohibi toʻlaydi tovon[1].

Yaxshiga yaxshi boʻl, yomonga yomon,
Gulga gul boʻlgin-u, tikonga tikon[1].

* * *

Yaxshilar ketidan agar choparsan,
Istaging, baxtingni shunda toparsan[1].

* * *

Yigitlar uchun – sharm-hayo va bahodirlik, keksalar uchun – sabr va maʼrifat yaxshiroqdir[1].

* * *

Yolg‘on beviqor qilur odamni,
Yolg‘on sharmisor qilur odamni[1].

* * *

Yomon ham oʻtar, yaxshi ham – yaxshi bil,
Seni yaxshi nom birla yod etsin el[1].

* * *

Yosh xotinning biqinida chol yotgandan koʻra shu biqinga kamon oʻqi botgani yaxshi[1].

Zulm koʻrsa davringda zolimdan el,
Oʻsha zulm sendan erur, yaxshi bil[1].

Oʻtirgil ochu bechora, yalongʻoch,
Vale nokasga aslo boʻlma muhtoj.

* * *

Oʻzgalar gʻamini chekmasa odam,
Anga noloyiqdir inson, degan nom[1].

* * *

Oʻzingdan kuchsizlarning dillarini ogʻritma, ularga jabr-u jafo qilma, bir kun oʻzingdan kuchliroqning jabriga yoʻliqasan[1].

* * *

Oʻzing topib yegan sirka-yu piyoz,
Oqsoqolning nonu barrasidan soz[1].

* * *

Oʻz toʻningga agar solsang yuz yamoq,
Oʻzga toʻnin soʻragandan yaxshiroq[1].

Gʻanimning yolgʻoniga, laganbardorning shirin suxaniga uchma. Birinchisi ayyorlik toʻrini tashlagan, ikkinchisi esa yovuz jigʻildonini ochib turibdi[1].

* * *

Gʻanim soʻziga kirish – xatolik, ammo unga teskari ish tutmoq uchun uni tinglamoq darkor. Bu – chinakam haq yoʻldir[1].

* * *

Gʻazab oʻti oldin egasini yondiradi, keyin uchquni dushmanlariga yo yetadi, yo yetmaydi[1].

Shirin boʻlsa ham, qand kasalga zarar,
Davo boʻlgay achchiq, taxir dorilar[1].

* * *

Shohlar havosiga xilof boʻlsa hech,
Rost gapni ham aytma, bu havasdan kech[1].

Manbalar

tahrirlash
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 1,24 1,25 1,26 1,27 1,28 1,29 1,30 1,31 1,32 1,33 1,34 1,35 1,36 1,37 1,38 1,39 1,40 1,41 1,42 1,43 1,44 1,45 1,46 1,47 1,48 1,49 1,50 1,51 1,52 1,53 1,54 1,55 1,56 1,57 1,58 1,59 1,60 1,61 1,62 1,63 1,64 1,65 Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet. 
  2. Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet. 
  3. Sanjar Xoʻja. Hayotimiz kengurulari. Abdugʻafur Iskandar, Sanjar Said: . Toshkent: Muharrir nashriyoti, 2022 — 160-bet.