Oʻtkir Hoshimov

oʻzbek yozuvchisi

Oʻtkir Hoshimov (1941-yil 5-avgust, Toshkent – 2013-yil 24-may, Toshkent) – Oʻzbekistonlik yozuvchi va jamoat arbobi. Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.

Oʻtkir Hoshimov
Vikipediyadagi maqola
Vikiombordagi fayllar



  • Ayol kishiga avvalo ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi.
  • Ayol kishining joni qirqta boʻladi, desalar ajablanmang. Negaki u bitta jonni oʻziga olib qolib, oʻttiz toʻqqiztasini farzandlariga beradi…
  • Dili bilan tili mutassil bir koʻchadan yuradigan odamga oson tutmang…
  • Dunyoda mukammal narsa yoʻq. Hatto muhabbat deb atalmish oliy tuygʻuda ham adolatsizlik bor. Kim kuchli sevsa, oʻsha koʻproq iztirob chekadi.
  • Doʻst degani daraxt yaprogʻiga oʻxshaydi. Bahor chogʻi behisob. Kuz kelganda sanoqli. Yoshlik chogʻi behisob. Keksayganda sanoqli.
  • Doʻstni xoʻrlash – gunoh. Umr yoʻldoshini xoʻrlash – yuz hissa gunoh. Ota-onani xoʻrlash – ming hissa gunoh. Goʻdakni xoʻrlash – cheksiz gunoh
  • Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsa-yu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi – baribir farzandlarini maqtab gapirgan boʻlardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha qoladi.
  • Hamisha bir orzu bilan yashayman. Shunaqa kitob yozsangki, uni oʻqigan kitobxon hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni oʻqib boʻlgan kuni kechasi bilan uxlolmay, toʻlgʻonib chiqsa. Oradan yillar oʻtib asarni qoʻliga qayta olganida tagʻin hayajonlansa, yangi maʼnolar topsa. Eng katta orzuyim shu..
  • Haqiqat degani koʻ-oʻ-oʻp yaxshi narsa. Ammo bir „kamchiligi“ bor: hamisha ham shirin boʻlavermaydi. Achchiq haqiqat koʻ-oʻ-oʻp foydali narsa. Ammo uning ham bir „kamchiligi“ bor: hammaga ham yoqavermaydi.
  • Hayot ham goho topishmoqqa oʻxshab qoladi. Tez orada taqdiringiz hal boʻlishini bilasiz-u, ammo nima boʻlishini, qanday boʻlishini topolmaysiz.
  • Ishonch yoʻqolsa, orzu qoladi. Orzu yoʻqolsa, umid qoladi. Umid yoʻqolsa, ilinj qoladi. Ilinj yoʻqolsa, hech narsa qolmaydi.
  • Kitobdagi quvonch va istiroblarni oʻquvchi oʻziniki deb qabul qilsagina, oʻsha haqiqiy asardir.
  • Koʻpincha qizlar oʻzining goʻzalligini payqasa, aqlini ishlatmay qoʻyadi.
  • Mabodo qachondir mansabdor boʻlib qolsang, bilib qoʻy: amal kursisida oʻtirganingda kim eng koʻp tovoningni yalasa, kursidan tushganingda oʻsha birinchi boʻlib sendan yuz oʻgiradi!
  • Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki ogʻiz shirin soʻzni tekinga aytmaydi-da, ular oʻlganidan keyin ming-ming pul sarflab, oʻsha soʻzlarni qabrtoshga yozdirib qoʻyadi…
  • Ota mehri ona mehridan kamroq emas faqat „yashirin“roq boʻladi.
  • Pul hukmron boʻlgan joyda insof oʻladi. Bozor qancha qimmatlashsa, odam shuncha arzonlashadi!
  • Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak[1].
    • Variant: Ijodkorda qishloqning qalbi, shaharning aqli bo'lishi kerak[2].
  • Qarindoshlardan koʻra doʻstlar qadrliroq, chunki doʻstlarni oʻzimiz tanlaymiz, qarindoshlarni esa taqdir!!!
  • „Qush boʻlib osmonda uchma, toshbaqa boʻlib yerda sudralma! Daraxt boʻl. Boshing osmonda, ildizing yerda boʻlsin.“
  • Sen birovga yaxshilik qilsang, javobini kutma. Undan qaytmasa, boshqadan qaytadi. Birov senga yomonlik qilsa javob berma. Sendan qaytmasa, boshqadan qaytadi!
  • Yomonlarni ehtiyot qiling! Yomon yoʻq boʻlsa, yaxshining qadri bilinmay qoladi!
  • Yuzingga bir shapaloq urishsa, san ikki shapoloq ur, yoshim bir joyga yetganda anglab yetgan haqiqatim shu boʻldi.

Asarlari

tahrirlash

Manbalar

tahrirlash
  1. O‘tkir Hoshimovning quvonchi va qayg‘ulari: 24 may — adib vafot etgan kun.
  2. To‘xliyev, Boqijon „Yangi o‘zbek adabiyoti“,. Adabiyot. 10-sinf. II qism. „O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyoti, 2017 — 116-bet. ISBN 978-9943-07-535-1.