Kurd maqollari
Kurdlar (oʻzlarini kurd, boʻri, kurmanj deb ataydilar) — Yaqin Sharqning qadimgi xalqlarining biri. Turkiyada (7,5 mln. kishidan oshiq), Eronda (5,6 mln. kishiga yaqin), Iroqda (Kurd muxtor viloyatida 3,7 mln. kishi), Suriyada (745 ming kishidan ortiq) va boshqa mamlakatlarda yashaydilar. Umumiy soni 18 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari). Kurd tilida soʻzlashadilar. Dindorlari — asosan, sunniy musulmonlar, yazidlar va boshqa ham bor.
Maqollar
tahrirlash- Tug‘ bayroqdorning qo‘lidan olinib, boshqasiga berilganida muammolar boshlanadi.
- Igna bilan quduq qazisa bo‘lar, lekin undan suv chiqmaydi.
- Och bo‘lsang, Xudoni eslaysan, to‘qligingda — hammasiga o‘zing erishding.
- Menga tegmagan bo‘ri ming yil yashasin.
- Eshak bilan yursang, eshakchasiga hangray boshlaysan.
- Bekorchilikdan ko‘ra urush ham afzal.
- Eshakning quroli bo‘lsa ham bo‘riga yem bo‘ladi.
- Avval o‘z uyingga xo‘jayin bo‘l, so‘ng boshqalarga.
- Baʼzida so‘zlashdan ko‘ra sukut afzal.
- Qalpoq ko‘p, unga munosib bosh tanqis.
- Tez yurgan tez charchaydi.
- Tog‘ cho‘qqisi doim bulutli bo‘ladi.
- Tuxum o‘g‘irlagan ham, buqani o‘margan ham — o‘g‘ri.
- Zarar — foydaning akasi.
- Hamma narsa o‘z vaqtida yaxshi.
- Ko‘z ko‘rmasa yurak sevmaydi.
- Bordingmi — qo‘rqma, oldingmi — uyalma.
- Yolg‘iz sherdan ikki tulki afzal, ikki sher — baridan zo‘r.
- To‘qqiz berib o‘nni ol.
- Ilonning bolasi ham zaharli.
- Yo‘lning uzunligi uning eni bilan o‘lchanadi.
- Taxtaning o‘zi qiyshiq, usta — to‘g‘ri.
- Xudo sendan yuz o‘girsa bo‘tqa ham tishingni sindiradi.
- Soqol biron nimani hal qilolganida echki sardor bo‘lardi.
- Yoshlikda uylan, bolalaring senga o‘rtoq bo‘ladi.
- Ilonning bolasi ilondan yomon.
- Katta ham, kichik ham o‘z o‘rnida yaxshi.
- Hatto zahar ham davo bo‘ladi.
- Mingta do‘st — kam, bitta dushman — ko‘p.
- Yuqoriga chiqayotib pastga tushishni ham o‘yla.
- Xachirning bahosi bilan bo‘rining nima ishi bor.
- Muhabbat va ehtiros do‘st bo‘lsa, ular yurakni ham, qalbni ham vayron qiladi.
- Yolg‘iz odamni yozning issig‘i ham ranjitadi.
- Taqdiriga osilib o‘lish yozilgan odam dengizda cho‘kib o‘lmaydi.
- Yomg‘irdan qo‘rqqan do‘lga tutiladi.
- Ko‘p bilgan ko‘p xato qiladi.
- Qiyinchilik ko‘rmagan neʼmatlar qadrini bilmaydi.
- Dushmanning kuchini bilmagan halok bo‘ladi.
- Bilmaganning qayg‘usi yo‘q.
- Shamolga qarshi tupurma — peshonangga yopishadi.
- Aytganini bajargan — chin inson; aytmasdan bajargan — sher; aytgan-u bajarmagan — eshak.
- Ko‘pga erishmoqchi bo‘lsang, ko‘pni yo‘qotishga tayyor tur.
- Ot ustida o‘tirganning undan tushish ham bor.
- O‘z aybing bilan yiqildingmi, yig‘lama.
- Tovuq qora bo‘lsa ham oq tuxum qo‘yadi.
- Yolg‘onni ham shunday gapirki, so‘zingda tuz bo‘lsin.
- Tulkidan so‘radilar: “Guvohing kim?” — u dedi: “Mening dumim”.
- Birovning qo‘lidagi kurak — yengil.
- Otga taqa qoqishsa, eshak ham tuyog‘ini tutarmish: “menga ham”.
- Birovning qovurmasidan o‘zingning qotgan noning afzal.
- Kichik dushman katta zarar olib keladi.
- Aqli kaltaning yuki og‘ir.
- Misning rangi tilladek bo‘lsa ham u oltin emas.
- Zulm va xayr orasi bir qarich.
- Tutundan qutulaman deb o‘tga o‘zingni otma.
- Hamma ko‘k gumbazlar ham masjid emas.
- Hamma erkak ham Erkak emas, hamma sher ham Sher bo‘lolmas.
- Shamol egolmaydigan daraxt yo‘q.
- Tandirdan chiqqan bitta non o‘n qadoq undan afzal.
- Aytilgan va bajarilgan ish orasi — 15 yil.
- Itning jasorati egasining darvozasigacha.
- Don olsang — bug‘doy ol, mato olsang — movut.
- Jangdan keyin qahramon ko‘payadi.
- Hukmdor ilon kabidir: ham zahri bor, ham dorisi.
- So‘rash — ayb, bermaslik — ikki karra ayb.
- Ko‘rkam kiyimli qari erdan yirtiq kiygan bo‘lsa ham yoshrog‘i afzal.
- Tutdingmi — qo‘yvorma, qo‘yvordingmi — yugurma.
- Quyosh bo‘lmasa Oyning nuri bo‘larmidi?
- Daryo dengizni bulg‘olmaydi.
- Ota-onaning ko‘ngli — bolada, bolaning ko‘ngli — ko‘hi Qofda.
- Egri o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
- Iymon salla va soqolda emas — qalb va amalda.
- Avval uyingdan 7 marta qidir, so‘ng qo‘shningdan so‘ra.
- Suriya — shakar, o‘z kulbang undan ham shirin.
- Qancha o‘rgansang ham bilmaganlaring bilganlaringdan ko‘p bo‘ladi.
- So‘z — javohir, ammo ko‘paysa, qadri tushadi.
- Hamma uyning mehmoni — o‘lim.
- So‘z bor, gapiruvchi mard yo‘q.
- Qip-qizil, go‘zal olmaning ichida qurt ham yashaydi.
- Avval tingla, so‘ngra gapir.
- Avval ot ol, keyin otxona qur.
- It itni yemaydi.
- Chumolilar yig‘ilsa, tog‘ni talqon qiladi.
- Avval otga taqa qoq, so‘ng yo‘l sol.
- Dushmaning kuchini bilmasdan turib unga urush ochma.
- Uyatchan ayol — bir shaharga teng, uyatchan erkak — uloqcha.
- Bo‘ri bolasi odamga birodar bo‘lmaydi.
- Xotirjam yashamoqchi bo‘lsang, kar, ko‘r va soqov bo‘l.
- Ishni sen-u men qilamiz, olqishni Shezar oladi.
- Mingta igna bir bigizning o‘rnini bosolmaydi.
- Bekorchining uyi qulaydi.
- Aql — oltin toj, u hammada ham bo‘lmaydi.
- Ilm — oltin: zanglamaydi; boylik — lash-lush: chirib bitadi.
- Yaxshi farzand otaning yomon nomini yaxshilaydi; yomon farzand otaning ezgu nomini bulg‘aydi.
- Vatansiz inson — qanotsiz qush.
- Qancha balandga sakrasang pastga qattiqroq tushasan.
- Yer berganini qaytarib oladi.
- Eshak bu dunyo haqida nimani ham bilardi?
- Men bilan hisoblashganning quliman, hisoblashmaganning — xo‘jayini[1].