Alvido bolalik — yozuvchi Tohir Malikning oila misolida bolalarni tarbiyalash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar qanday og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini, hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmasligi, bolani atrof-muhit, jamiyatdagi turli illatlar jinoyatchiga aylantirishi o‘ziga xos tarzda ochib bergan asari.

Iqtiboslar tahrirlash

  • Jamiyat uchun jinoyatchidan ko‘ra loqayd odam xavfliroq! Jinoyatchi jabrini tortadi, balki to‘g‘ri yo‘lini topib oladi. Loqayd odam esa yangi-yangi jinoyatlarni ko‘rganida ham ko‘z yumib ketaveradi. Buning uchun uni hech kim ayblamaydi. Loqaydlik degan dard bo‘lmaganida qanchadan qancha odam jinoyat jari yoqasida to‘xtatib qolinardi.
  • Qilayotgan ishingizga o‘zingiz to‘g‘ri baho bera olgan oningizdan boshlab bolaligingiz bilan vidolashasiz. Ha, ha, aynan vidolashasiz. Bolalik sizning xotirangizga ko‘chadi. Vaqti kelib, bu xotira vijdon azobiga soladi, vaqti kelib nimalarnidir qo‘msashga majbur qiladi. Xullas, sizni har ko‘yga soladi. U bilan vidolashishga oshiqmang. Bolalik — hayotning asal pallasi, undan ko‘proq bahramand bo‘lishga intiling. Asaldan keyin turli achchiqliklarga duch kelasiz.
  • Amal qoʻldan ketsa, keyinroq yana topish mumkin, ammo vijdon odamga bir donagina berilgan. U qoʻldan ketsa, qaytarib boʻlmaydi.
  • Bilasanmi, odam jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Uni atrof-muhit jinoyatchi qilib tarbiyalaydi.
  • Bolaning yomon yo‘lga kirishi uchun yana qanday sharoit kerak? Bolalar xilma-xil, oilalar xilma-xil, jinoyatlar xilma-xil... Oilasi nochor bo‘lganidan bola jinoyatga kirdi, desang, o‘ziga to‘q oilalarning bolalari "mana men" deb turibdi. Amaldorning bolasi desang, ishchining bolasi... Bular barchasi ko‘rinmas ip bilan bog‘langan. Bularni o‘tmish sarqiti, desang, avlod o‘zgardi. Qolaversa, bugungi jinoyatlar o‘tmish zamonlar davrida bo‘lmagan. G‘arbning taʼsiri desang, g‘arbning yaxshi ishlari ham bor. Yaxshi ishlari turib, yomonlarini qabul qilishga sabab nima?Jinoyatchilar, ayniqsa, bolalar, adolatga ishonishmaydi. Insonga ishonch berishdan ko‘ra undagi ishonchni quvib chiqarish oson. Ishonchni quvib chiqarishga g‘arbdagilar hissa qo‘shayotgan ekan, xo‘sh, ishonchni kim beradi? Ota-onami, maktabmi, atrofdagi odamlarmi?..
  • Atomdan bomba yasab, portlatib, hammayoqni vayron qilish yoki elektr quvvati olib, atrofni charogʻon qilish mumkin.
  • Daraxt qushni tanlamaydi,qush daraxtni tanlaydi. Shunga koʻra taqdir kishini tanlamaydi, kishi taqdirini tanlaydi. Odam bolasi Xudoni tanishi uchun avval oʻzini tanishi kerak.
  • Jisman nobud boʻlgan bola tufayli bir oila aziyat chekadi, vaqt oʻtgach, gʻam-alam asta unutiladi. Ruhan nobud qilingan oʻsmirdan esa jamiyat aziyat chekadi va buning gʻam-alamlari darrov unutilmaydi. Tergovchining tigʻi — aql va til, tigʻ uriladigan joy esa oʻsmirning qalbi va ongidir. Buni unutmaslik shart.