Ufq (trilogiya)

Said Ahmad qalamiga mansub uch qismli roman

Ufq trilogiyasiSaid Ahmad muallifligidagi roman.

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Yoʻlakda turgan tobut ustiga sariq atlas yopilgan. Bu atlas Lutfinisaning birinchi mehnatiga kelgan mukofot edi. Tillaboyev uning ustiga atlasni tashlarkan: „Yaxshi kunlaringga buyursin, qizim, yayrab-yashnab, toʻy-u tomoshalaringga kiy“ – degandi…
    Bir odam olamdan ketdi. Ammo hayot oʻz oqimidan bir nafas toʻxtamasdi.
  • Afsuski, yashash huquqi odam bolasiga bir marta berilgan. Hech qachon hayot ortga qaytmagan. Hamma vaqt oldinga qarab ketavergan. Yanglishgan yanglishib qolaveradi, yoʻlni toʻgʻri olgan hayot jomini oxirigacha sipqorib yashadim, armonsiz yashadim, deb ketadi. Hayotning yaltiroq, jilvali, aldamchi oʻyinlari koʻp. Bu aldamchi jilvalar sarobdek aldab bagʻriga chaqiradi-yu, kimsasiz choʻl oʻrtasida bir qultum suvga zor qilib tashlab ketadi. Tanni tilka-pora qilib, qoʻllarni tilib, baland choʻqqiga chiqqanlargina oʻtloqlarni, olis ufqlarni koʻradi. Mana, buni yashash deb aytadilar.
  • Oʻlish oson, oʻlib ketish oson. Yashash qiyin. Oʻlish nomardning ham qoʻlidan keladi. Mard yashaydi.
  • …qani endi, shu kunlar qaytib kelsa! Kelarmikin? Shu topda ularning orasi ikki yuz metrcha ham kelmaydi. Chaqirsa eshitadi. Yugursa yetadi. Ammo chaqirishning ham, yugurib yelishning ham iloji yoʻq. Ularning orasi millionlarcha kilometr, unga na yurib yetib boʻladi, na uchib. Balki, bir umr yetib boʻlmas…
  • Oldida kattakon maqsadi bor odam, shu maqsad uchun, ayniqsa, uzoqdan minglab koʻz kuzatib turganda hamma narsani unutadi-yu, shu maqsad ketidan quvadi. Dildor kecha ana shunday holatni boshidan kechirgan edi…
  • Birdan seskanib, yana yerda yotgan bolasiga qaradi. Toʻnini yechib ustiga yopti-da, bir tizzalab choʻkka tushdi-yu, qoʻltiqtayogʻi bilan yer oʻya boshladi. U oʻgʻliga, yagona oʻgʻliga goʻr qazirdi…
  • Yoʻq, bolam, men dardga chalinmayman. Men oʻlmayman.
    Tik boʻlsam yurib,
    Yiqilsam emaklab,
    Yotib qolsam surilib hu oʻsha ufqqa boraman.
    Ufqqa bormay oʻlishim mumkin emas!
  • Oʻn sakkiz yashar qiz oʻtgan koʻchadan muhabbat hidi kelib turadi…

Yana qarang

tahrirlash

Havolalar

tahrirlash
 
Wikipedia
Vikipediyada tegishli maqola bor: