Xurshid Do‘stmuhammad
Xurshid Doʻstmuhammad (8-yanvar 1951-yil, Toshkent) — yozuvchi, jurnalist, filolofiya fanlari doktori.
Xurshid Do‘stmuhammad | |
Vikipediyadagi maqola |
Iqtiboslar
tahrirlash- Kasaldan turgan bemor o‘zini shifokor hisoblaydi.
- Bir donodan bir dono yetishgunicha, yuz nodondan ming nodon urchib ulguradi.
- Hozirgi zamon qarg‘alari pishloqni yeb bo‘lgachgina tulki bilan gaplashadi.
- Ko‘p narsani bilsang qarib qolasan, deyishadi, yo‘q, ko‘p narsaga aqli yetgan odam qarib ulgurmaydi…
- Daryolar, okeanlar, osmono‘par tog‘lar na nomini biladi, na o‘ziga bitilgan maqtovlarni tushunadi — lekin yashayveradi, kamayib qolmaydi.
- Tor xonada o‘tirsang ham dunyoqarashing keng bo‘lishi mumkin.
- O‘tkir mulohazalarni miyangdan avaylab chiqarib olmasang, boshingga shikast yetkazishi mumkin.
- Har nafas bir hikmat.
- Yilning yangilangani yaxshi, odam eskiligicha qolgani chatoq.
- Ayrim kimsalarning qo‘lini yechib yuborsang, senikini bog‘lashga tushadi.
- Odam o‘zini nodonroq ko‘rsatish uchun ham aql kerak.
- Oromkursi ham shimni teshadi.
- Jumlasini o‘qisang tiling chigallashib ketadi.
- Baliq terlab ketdi.
- Vaysaqining tili jiqqa terga botdi.
- O‘rdak — g‘ozning pakanasi.
- Yo‘lda roman o‘qib yurma, hayotga turtinib ketasan.
- Vujud va ruh o‘rtasidagi uyg‘unlik muhabbatli erkak va ayol munosabatlariga o‘xshaydi.
- Aqlli ish qilish uchun aqlning o‘zi ojizlik qiladi.
- Komediya yo‘qligining o‘zi komediya.
- Inson yaralganidan ilgari to‘tiqushlar qaysi tilda gapirgan?..
- Yangi odamlar bilan eski yo‘ldan yurguncha, eski odamlar bilan yangi yo‘ldan yurish afzalroq.
- Nochorlik halollikning do‘sti.
- Katta gaplar aytish uchun katta xonalarda o‘tirish kerak.
- Fikring qanchalik o‘tkir bo‘lsa, tilingni shunchalik yomon kesadi.
- To‘ppa-to‘g‘ri yo‘ldan ham turli yo‘nalish topadilar.
- Hayotiy tajribang ortgani sayin juda oz narsani bilishingni anglayverasan.
- Yelkamga qoqib qo‘yishdi deb boshim osmonga yetgan edi, bilsam — changimni qoqishgan ekan.
- G‘arq bo‘layotgan odamga qutqaruv kamerasini irg‘itib, uning kallasini po‘la qilishdi.
- Suhbatdoshing vaysaqi bo‘lsa quloq berib, uning kasalini zo‘riqtirma.
- Yomg‘ir tindi, osmonda kamalak tovlandi, ho‘kiz kavsh qaytarib yotaverdi.
- Maʼqul ko‘rgan kitobingni duch kelgan odamga aytaverma — kimligingni bildirib qo‘yasan.
- Sahnadan tushmay o‘ynalayotgan maynavozchilikni komediya deb atashganidan kulging qistaydi.
- Ajralishni rasmiylashtirguncha ancha vaqt tinch-totuv yashashdi.
- Haddan tashqari sevish qo‘lingga qanot, oyog‘ingga halqa bog‘laydi.
- Vijdon odamni ko‘p hollarda tang ahvolga soladi, vijdonsizlik esa eng tang holatlarda ham xalos etadi.
- Qalbi ko‘rning ko‘zi ochiqligiga ishonish qiyin. Qalbi so‘qirning ochiq ko‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlamaydi.
- Ob-havo — tabiatning samimiy dil izhori.
- Ertalabki tumanda quyosh arang ko‘rinayotgan edi, besh yoshli Jamshid, “Qarang, ada, quyosh tuxumning sarig‘iga o‘xshaydi” dedi.
- Qari daraxtning mevasi maydalashib ketadi. Odam qarigani sayin mayda gap bo‘la boradi.
- Ko‘zi ojizni yetaklab olgan odam yon-atrofga undan ko‘ra ko‘proq xavotirda alanglaydi.
- Bo‘g‘zigacha asalga botirilgan qoshiqqa azob!..
- Hidsiz gul — soqov.
- Ota-bobongizdan qolgan toshoynaga razm soling — ular sizga qarab turgan bo‘lishadi.
- Tabiat adolatsizlik qilmaydi, adolatsizlik tabiatning tabiatini tushunmaslikdan kelib chiqadi.
- Nega qulog‘imiz ikkita, og‘zimiz bitta? Oz gapirib, ko‘proq tinglash uchun.
- Yaxshiyamki aroq shishasining bo‘g‘zi tor…
- Supurgi keksaygani sayin qattiqroq va tirnab supiradi…
- Qarmoqqa ilinmagan baliq ilinganidan kattaroq tuyuladi.
- Olimning siyohi yovuzning qonidan qadrli.
- Tanqidiy mulohaza aytish uchun bor jasoratingizni sarflab qo‘ymang, chunki tanqid eshitish uchun ham jasorat kerak bo‘ladi.
- Yoyni ixtiro qilgan sho‘rlikni yog‘ochni bukishda ayblab sazoyi qilishgan.
- Bilimsizlikdan faqat bilimlilar aziyat chekadilar.
- Ko‘z moshday ochilganda xijolatdan ko‘zing yumilib ketadi.
- O‘z fikrida qatʼiy qolish — fikri bilan yolg‘iz qolish demakdir.
- O‘zining fikri bo‘lmagan odam o‘zga fikrlar ichida kun kechiradi.
- Boshqalarning fikri, taklifi do‘kon rastasida turgan buyumday narsa: uni tosh-taroziga qo‘y, narx-navosini surishtir — chog‘ing kelsa olasan, yo‘qsa — yo‘q.
- Pul tanqisligida aql ishga tushadi.
- Tasodifiy omad ham boyga kulib boqadi.
- Charchash ham gunoh.
- Yaxshi odam bo‘lguncha, kerak odam bo‘l.
- Bayroq — boyroqlarda.
- Qonunni yaxshi bilgan odamning do‘sti — qonun.
- Vahshiylar orasida yuvvoshlari ham bor.
- Kambag‘alning boyligi — sabr.
- Aqlli bo‘lguncha, omadli bo‘l.
- Jurnalistning tili uzun, qo‘li qisqa.
- Aqlli odamni aldash oson.
- Olim, bo‘lsang — alam seniki.