Teran uyqu soyalari — 1650-yilda Sin sulolasi davrida Anxuey viloyatida tug‘ilgan faylasuf Chjan Chao tomonidan yozilgan asar.

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Agar sizning yolg‘iz bir yaqin do‘stingiz bo‘lsa, qismatingizdan nolimang. Siz yolg‘iz emassiz, siz tufayli esa dunyoda bitta yolg‘iz odam soni kamayadi.
  • Kimki, ayolni xuddi chechaklarni sevgandek suysa, u o‘z his-tuyg‘ulari osmonida yuksaklarda parvoz etajak. Kimki, chechaklarni xuddi ayollarni suygandek sevsa, u o‘z his-hayajonlari ummonining eng yangi-yangi to‘lqinlarini kashf etajak.
  • Go‘zal ayol chiroyli chechakdan so‘zlar mohiyatini anglashi bilan ustundir. Chiroyli chechak go‘zal ayoldan o‘zining ifor manbai bo‘lishi bilan afzaldir. Ularni bir-biri bilan kelishtirish g‘oyat mushkul, shu sababdan ifor manbaidan har bir so‘zingni anglaydigan suhbatdosh aʼloroqdir.
  • O‘n beshdan yigirma yoshgacha bo‘lgan qizlarning deyarli barchasi maftunkor ovoz egasidirlar, ammo ularni ko‘zdan kechirsangiz o‘sha zahoti, ularning qay biri barno-yu, qay biri xunukligini ilg‘ab olasiz. Demak, eshitish bilan ko‘rishning farqi bor ekan-da.
  • Go‘zal joriyangiz bo‘lganidan, sizni tushunadigan xotiningiz bo‘lgani aʼloroqdir, oltin tog‘larga ega bo‘lguncha, ko‘ngil farog‘atingiz bo‘lgani afzaldir.
  • Ayollar o‘z go‘zalliklari bilan erkaklardan ustundir. Qushlar orasida esa narlari mokiyonlaridan go‘zalroqdir. Hayvonlar o‘rtasida esa bu farq deyarli sezilmaydi.
  • Qanchalik go‘zal deb hisoblamang, ayolni pardozdan keyin tomosha qilishingiz maʼqul.
  • Agar sheʼr va sharob bo‘lmaganda, tog‘lar-u ummonlar jonsiz bir ijod bo‘lardi. Agar go‘zal ayollar bo‘lmaganda, gullar-u oy shunchaki bir buyumdan farq qilmasdi. Salohiyatli, boz ustiga kelishgan shoir yoki go‘zallikda tengi yo‘q, shu bilan barobar katta isteʼdod egasi bo‘lgan ayol hech qachon qarib qolguncha umr surmaydi, Yaratgan Egam ularni oldinroq o‘z huzuriga chaqiradi. Chunki bunday odamlar nafaqat o‘z zamonasining, shu bilan birga o‘tgan-ketgan, bor va kelajak zamonlarning ham boyligidir. Aynan shu sababdan ham Yaratgan Egamiz ularni tirik odamlar orasida uzoq qolishlariga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Rohib o‘zini sharobdan uzoq tutishi shart emas, ammo u o‘zini mayda ikir-chikirdan saqlashi lozim. Ayol adabiyotning o‘ta bilimdoni bo‘lishi shart emas, ammo u nozik did egasi bo‘lishi shart.
  • Ehtirosli kishi ayollarni sevishi tabiiy, ammo ayollarni sevganlarning hammasi ham ehtirosli emas. Go‘zal ayolning qismati hamisha baxstsizdir, ammo, qismati baxtsiz ayollarning hammasi ham go‘zal emas. Isteʼdodli shoir sharobni sevishi tabiiy, ammo sharobga oʻch bo‘lgan kishi hammavaqt isteʼdodli shoir emas.
  • Chinakam go‘zal ayol zohiran gul-u chechakka monand; ovozi qush nag‘masiga, ruhi sovuq oyga, qomati nozik shamshodtolga, badani yangi qorga o‘xshaydi; muqomi jilg‘aga qiyos, yuragi — zavqli qo‘shiqday…
  • Falak musiqasining bosh mavzusi bahordir. Kuz esa bahorning o‘zgacha talqinidir.
  • Ko‘z o‘zini ko‘ra olmaydi, burun o‘zini hidlay olmaydi, til o‘z mazasini bila olmaydi, barmoq o‘ziga barmoq tegiza olmaydi, faqatgina quloq o‘zini eshita oladi.
  • Butun bir dalani shudgor qilishga yetarli kuchim bor, ammo kulbam oldida bog‘ o‘stirishni maʼqul ko‘raman. O‘rmondagi bor qurigan shox-shabbani yig‘ishga yetarli darmonim bor, ammo ostonam oldidagi o‘tlarni yulib tashlashning o‘zi menga yetarli.
  • Gul bor joyda, albatta, kapalak bor. Jilg‘asiz tog‘ yo‘q. Mamir(mox)siz toshni topolmaysiz. Hovuz borki, balchig‘i bor. Daraxt borki, yaprog‘i bor. Xuddi shunday kamchiliksiz odam ham yo‘q.
  • Minoraga chiqib yuksak tog‘larni tomosha qilish qanday maroqli. Qalʼa devorida turib, yog‘ayotgan qorni kuzatish qanchalar zavqli. Yoniq shamchiroq oldida o‘tirib, oyga boqish ham maroqli. Qayiqda suzib, tumanni kuzatish qanday yaxshi. Oydin kechada sohibjamolga mahliyo bo‘lish dilning rohati.
  • Kitob yig‘ish qiyin ish emas, kitobni varaqlash qiyin. Kitobni varaqlash qiyin emas, uni mutolaa qilish qiyin. Kitob mutolaa qilish qiyin emas, o‘qiganingdan xulosa qilish qiyin. O‘qiganingdan xulosa qilish qiyin emas, o‘qiganingni yodingda saqlash qiyin

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!