Nozik iboralar (arabcha: نوابج الكليم; “Navobigʻ ul-kalim”) — Az-Zamaxshariyning Ubaydulla Uvatov tomonidan arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib 1992-yilda nashr etilgan asari.

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Yoki ilmli bo‘l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo‘l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo‘l, biroq to‘rtinchisi bo‘lma, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan (juvonmarg bo‘lasan).
  • Pastkash kimsaning o‘z nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi, chanqoq kishining suv shuʼlasi (sarobi)ni ko‘rib aldangani kabidir.
  • To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining yurishi arslon yurishidan ko‘ra ham mahobatliroq (haybatliroq)dir.
  • Tun-u kunni o‘tkazaman-u, lekin bugungi kunim kechagi kunimdan yaxshiroq bo‘lmayotir, chunki zamona kundan-kunga halokatga tomon bormoqda, shunday ekan, kechagi kun bugungidan avloroq, bugungi kun esa ertagidan yaxshiroqdir.
  • Haqiqat va adolat bilan to‘g‘ri siyosat yurgizmagan har bir rahbar va boshliq qattiq azob-uqubat va baloga giriftor bo‘lur.
  • Agar biror qayg‘u-alam yuz bergani yoki taʼziyali joyni eshitsang, darhol u yerga bor, agar ziyofat-u mehmondorchilikka chaqirilsang, unda o‘zing o‘ylab ish tut (o‘zing bilasan).
  • Odamlarning eng xotiri kuchlisi ularning ichidagi eng unutuvchisidir, ko‘ngillarning eng yumshog‘i salobatligi-yu shafqatlisidir.
  • Mol-mulkni behuda isrof qilish kufrona “neʼmatdir”, o‘ylamasdan boyligini sarflash to‘liq tanazzulga olib keladi.
  • Podshohning eng yaqin kishisi yaqinlarning ichidagi eng ulug‘idir, xavf-xatar paytlarida ularga (xavf-xatarga) yaqinrog‘idir.
  • Xudo ko‘rsatmasin, agar seni og‘ir qayg‘u-hasratlarning kuchli yellari o‘rab olsa, unda dod-faryod-u fig‘onlaring foyda bermas.
  • Agar senga nisbatan o‘z birodaring biror xiyonat qilsa, unga yaqinlashishdan o‘zingni tiy, uning makr-u hiylasidan o‘zingni muhofaza etishga harakat qil.
  • Har qanday ishni boshlashdan avval Allohning rizoligini o‘yla, aks holda qilgan ishlaringning hammasi behuda bo‘lib, zoye ketadi.
  • Ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi, bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek.
  • Biror mamlakat (hokimiyat) ishlarining orqaga ketishiga sabab — tuzuklari-yu tartibotlarining susayishidandir.
  • Halol-pokiza kishi doimo xotirjam-u tinchlikdadir, birovga xiyonat-u yomonlik qiladigan kishi esa halokatga giriftordir.
  • O‘z birodaring so‘zini sukut saqlab tinglab, uning hurmatini o‘rniga qo‘y, garchi uni eshitishga rag‘bating va mayling yo‘q bo‘lsa ham.
  • Agar tilingning ortiqcha so‘zlashiga ega bo‘la olmasang, unda tizgining jilovini shaytonga topshirgan bo‘lasan.
  • Odamlar ichidagi eng yaramasi xasisidir, ularning ichidagi eng yalqovi — pastkashidir.
  • Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.
  • Ko‘pchilik odamlar haqiqatdan yiroqdir, ularning talab va daʼvolari yolg‘on-u bo‘hton (botil)dir, yaʼni aytgan so‘zlari-yu ishlari o‘zlariga muvofiqdir.
  • Odamlarning eng aziz va hurmatlilari qayg‘u-hasrat-u tashvishli damlarda bilinur, go‘yoki bu tashvishlar ular (hurmatli kishilar) uchun tug‘ishgan opa-singildek yaqindir.
  • Savdogarning shuhrati va obro‘-eʼtibori kissasida, olimning shuhrati-yu obro‘-eʼtibori yozgan kitoblarida (asarlarida).
  • O‘zini saxiy, mard va himmati baland ko‘rsatib, aslida xor-u zor, haqir va qadri tuban bo‘lgan odamlardan qo‘rq, toki bir kun o‘zlarining xasisliklari birla ongsizlikdan mard odamni tuzoqlariga tushirgaylar.
  • Tilingdan chiqqan sadaqa (yaʼni pand-u nasihating va mavʼiza-yu hasanang) baʼzan qo‘lingdan (mol-dunyongdan) chiqqan sadaqangdan ko‘ra xayrliroqdir.
  • Arslon nafaqat chuqur qazish bilan ovlanib qolmay, ko‘pincha u hiyla bilan ham ovlanadi (qo‘lga tushiriladi).
  • Seni kechayu kunduz ziyorat qiluvchilarning ko‘pchiligi seni haddan ortiq ko‘klarga ko‘tarib maqtab, oxir-oqibat adovatga duchor qiluvchilardir.
  • Ko‘p so‘zlar borki, ular seni jang-u jadalga solib, halokatga giriftor qiladi yoki ulardan qaytarsa ham yelka chuquringni gul kabi qizargan holga keltirgandan keyin qaytaradi (yaʼni ko‘p mashaqqatlardan keyin).
  • Yer-u zaminning ko‘rkamligi olimlar bilan bo‘lsa, osmon-u falakning ziynati esa yulduzlar bilandir.
  • Muhammad payg‘ambar alayhissalomning tutgan yo‘llari mening yo‘limdir, baxt-u saodatim ham, najotim ham shu yo‘ldir.
  • Quyosh nurlarini berkitib bo‘lmaganidek, haqiqatning chirog‘ini ham so‘ndirib bo‘lmas.
  • Yozilgan kitob nusxasining to‘g‘riligi ko‘z qorachig‘ining boqqaniga bog‘liqdir, rivoyatning inobatlisi (ishonchlisi) esa serob suvdan ham ortiqroq qondirar.
  • Zimmangda farz bo‘lgan narsani qarz va burch o‘rniga qo‘y. Bu hol qalbing-u dilingga rohat baxsh etib, shon-u sharafing va obro‘yingni saqlash uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir.
  • O‘zi sazovor bo‘lmagan hamd-u sanoyu maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir.
  • Seni kasod-u inqirozga uchrashdan ogoh qiluvchi kishiga lutf bilan muomalada bo‘l, qo‘rqma, zarari yo‘q, ziyoni yo‘q, deb yupatuvchilardan uzoqroqda bo‘l.
  • Sening qilayotgan ishlaringdan dushmaning ogoh bo‘lib, ulardan ko‘z yumishi senga ilon chaqqandan ko‘ra ham zararli va mashaqqatli bo‘ladi.
  • Aql-idrok va shariatga amal qilib ish tutgan banda asl va ikkinchi darajali maqsad-u matlablarini jam qilishi muqarrardir.
  • O‘tgan zamonlarda ilm-u fazilat sohiblari podshohlaridan o‘z og‘irliklariga barobar oltin hadya olardilar, asta-sekin zamonlar o‘tishi bilan ularning qiymatlari kamayib, itlar-u olmaxonlar (qarmoqlar) ulardan afzal bo‘lib, qoldi, yaʼni nodonlar olimlardan ortiq ko‘riladigan bo‘lib qoldi.
  • Har bir vazir qaychi misolidir (agar qaychining bir tayanch tomoni bo‘lmasa ikkinchi tomoni hech narsaga qodir bo‘lmaydi), chunonchi Muso payg‘ambar vaziri Horun bilan mukammal bo‘lgan.
  • Olijanob va himmatli odamning “go‘shtini” hasad ahli “yeydi”, go‘yo qurt-qumursqalar arslon bolasini yegani misoli.
  • Kimki adovat-u xusumatni eksa, albatta u tashvish-u mashaqqat o‘radi.
  • Vijdon azobiyu taʼnadan to‘g‘ri bo‘lmagan odamni (kimsani) taʼlim-tarbiya va qiynash ham to‘g‘rilashi amrimahol.
  • Mansab ilinjida bo‘lgan (qaram) kimsalarning tomirlari-kesilgandir, ular oladigan farmonlari esa bir-biriga zarba beruvchilardir.
  • Xastalik va muhtojlik — bular ikkalasi shunday bir baloki, hatto xutbon (eng taxir, achchiq ichimliklardan hisoblanadi) ichimligidan ko‘ra ham achchiqroqdir.
  • Kimniki qo‘lidan xayr-barakali va purhikmat ishlar kelmasa, uning nasabining sharifligi-yu, ulug‘ligi foyda keltirmas.
  • Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagiga yopishsa, u albatta murod-u maqsadiga erishib, xayr-u baraka topar.
  • O‘z vaʼdasida turmagan, turli-tuman vaj-karsonlar ko‘rsatuvchi kimsa hech qachon mard va himmatli inson bo‘lolmaydi.
  • Qo‘rquvga mubtalo bo‘lgan kishi (quyon misoli) faqat qochishdan najot izlaydi.
  • Ilm-u maʼrifatli odam takabburlik qiluvchi doimo nodon kimsalarning burnini to‘zon-tuproqqa to‘ldirur.
  • Odamlar turli-tuman bo‘ladilar, afsuski ularning aksariyati nopokdirlar.
  • Tog‘ tepasidagi qoyalarni ko‘chirish minnat eshitish yuklariga nisbatan yengilroqdir.
  • Sen yetmish yoshga kirgan bo‘lsang-da, hamon arslon misoli yirtqich hayvonsan, chunki, mol-dunyo hirsida mudom qo‘lingni (har tomonga) cho‘zasan.
  • Xotin zoti agar qalbing ular ishqiga giriftor bo‘lganini sezsa, burningni tuproqqa ishqaydi.
  • O‘tkir qilichning boshga tushadigan zarbasi baʼzi nodonlarning hukmi ostida mute (itoatda) bo‘lib yurishdan afzaldir.
  • Qilichga qin(g‘ilof) va yirtqich qushda o‘tkir tirnoq bo‘lishi shak-shubhasizdir (bu hikmat er kishida kerakli anjomlar-u qatʼiy azm-u qaror bo‘lishi kerak degan maʼnoni anglatadi).

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!