Nazar Eshonqul

Oʻzbek yozuvchisi, ssenarist va telejurnalist

Nazar Eshonqul (15-iyun 1962-yil, Qamashi tumani Qashqadaryo viloyati) — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi, senarist, telejurnalist.

Nazar Eshonqul
Vikipediyadagi maqola

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Yangilanayotgan dunyo — poklanayotgan dunyodir. Yangi adabiyot — yangi so‘z, yangi til deganigina emas, balki yangi dunyo, yangi iztirob, yangi tafakkur, yangi yuksaklik degani hamdir.
  • …Go‘zallikni qabul qilish, zavqlanish har qanday hayrati so‘nmagan odam­ning qo‘lidan keladi, go‘zallik hammani hayratga solishi mumkin, biroq uni yaratish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
  • O‘ziga ishonmagan odam yoxud “Men”i shakllanmagan odam — ichkarisi zabt etilgan, hech bo‘lmasa, zabt etilishi arafasidagi odamdir. Ichki dunyoning mustamlakasi qullikning, nari borsa mutelikning ichki ko‘rinishidir. Shuning uchun “Men” va mustamlaka, “Men” va totalitarizm, “Men” va yolg‘on kelisha olmaydi. Faqat mustahkam “Men”gina millat va vatan uchun bugun va ertaga ham o‘qiladigan, kuylanadagan, sharaflanadigan So‘z yarata oladi, ko‘z oldi­dagi voqelikni ijodkor olami bilan bog‘lay oladi.
  • Millatning estetik saviyasi, didi davlat chegarasi kabi qattiq himoya qilinishi shart bo‘lgan hudud deb o‘ylayman. Shu jumladan, bugungi kitobxonning ham didini o‘ldirmaslik, uni bestsellerga o‘rgatmaslik, ermak uchun o‘qiydigan kitobxonga aylantirmaslik lozim.
  • …Muhabbat yo‘q joyda tubanlikka yo‘l ochiq, jaholat sevgi daraxtida emas, adovat butog‘ida yetishadi.
  • Adabiyot — millat ko‘nglidir. U ana shu katta ko‘ngilda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni bilishi, anglashi, og‘rishi, zavqlanishi, kuyinishi, talvasaga tushishi kerak. Ana shu anglash jarayoni turlicha kechadi.
  • Adabiyot — shafqatsiz. U bag‘rida tomlar bitganni emas, yuksak badiiy talabga javob beradigan haqiqiy bitta jumla yozganni ham olib qoladi.
  • Adabiyotning azaliy mavzusi inson. To‘g‘ri, u qahramon qilib olgan inson Zamon bilan, uning muam­molari bilan yuzma-yuz turgan shaxs. Adib insonni yu­zida va qalbida balqib turgan zamon bilan yaxlit holda, zamon bilan munosabatga kirishgan holatda, davr bilan maʼnaviy-ruhiy tippa-tiklikda tasvirlasa ham, baribir, kundalik mavzularning izidan quvib yurishi shart emas.
  • Haqiqiy sanʼat o‘rnini shou-biznes tafakkur tarzi egallab oldi. Yengil-yelpilikka asoslangan, saviyasiz olomonga mo‘ljallangan, ko‘proq pul to‘plashdan boshqa hech qanday niyati bo‘lmagan bu “madaniyat” shu paytgacha shakllangan, ajdodlarimiz zeb bergan didimizni xatar ostiga qo‘yayotgani ham rost.

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!