Murod Muhammad Doʻst
Oʻzbek yozuvchisi va jamoat arbobi
Murod Muhammad Doʻst (12-aprel 1948-yil; Samarqand viloyati, Jom qishlogʻi, O'zbekiston SSR) — yozuvchi va jamoat arbobi.
Murod Muhammad Doʻst | |
Fayl:Murod Muhammad Doʻst.jpg | |
Vikipediyadagi maqola |
Iqtiboslar
tahrirlash- Yozuvchiman deb aytish men yaxshi odamman deyish bilan barobar.
- Tarixda qoladigan mingda, yo‘q, milyonda bitta bo‘ladi. Ijod kishisi o‘ziga eng yorug‘ narsalarni, deylik, chaqmoqni, yashinni, vulqonni taxallus qilib olishi, o‘nlab, hattoki yuzlab kitob yozishi mumkin, lekin Xudoning nazari tushmasa — hammasi bekor.
- Adabiyot, umuman, haqiqiy sanʼat — insoniyatning tuzalmas dardi. Va uning mezonlari hech qachon o‘zgarmaydi: oq – qora, yaxshi – yomon, adolat – qabohat, muhabbat – nafrat…
- Sho‘ro davridan boshlab jamiyatni hadik bilan yashashga o‘rgatib qo‘ydik. Bu hadik hali ko‘ngildan chiqib ketgani yo‘q. Ijtimoiy-siyosiy passivlikni oqlaydigan o‘zbek xalqining maqollari ko‘p: “Och qornim — tinch qulog‘im”, “Yarimta non — rohati jon”. Bularni fazilat sanashadi. Aslida bu fazilat emas, qusur.
- Bizning vazifamiz — voqelikni badiiy idrok etish, xolisona, bosiqlik bilan badiiy idrok etish. Sho‘rolar zamonida yozilgan va bugun yashab kelayotgan ko‘pchilik yaxshi asarlar shu yo‘sinda bitilgan.
- …gap adabiyotga kirishda emas, adabiyotda qolishda. Bunda vaqt va maʼrifatli o‘quvchidan o‘zga hech kim va hech narsa hakamlik qilolmaydi.
- Odamning dardini, jamiyatning dardini yozgan odam yutadi.
- Odamzot oziga shukur qilish kerak. Hamma narsaga erishishning iloji yo‘q. Bitta yaxshi hikoya yozsang yoki o‘qisang, bir sheʼrdan taʼsirlansang shunga xursand bo‘l. Faqat badbin bo‘lmasang, hasadgo‘y bo‘lmasang — birovning bog‘i senikidan yaxshiroq, yashilroq tuyulmasa bo‘ldi.
- …milliy faxr borasida bizga yetadigan millat topilmasa kerak. Tariximizni maqtayverib, nazarimda, ajdodlarimiz ruhini ortiq darajada bezovta qilib yubordik. Buyuk o‘tmishga mehrimiz shu qadar kuchliki, baʼzida bugungi kun esimizdan chiqib ketadi.
- Yozuvchi salbiy qahramonni ro‘parasiga o‘tqazib qo‘yib, bo‘ralab so‘ka boshlasa, bas, ana endi Xudo urdi, deyavering! O‘quvchi salbiy qahramonni emas, yozuvchining o‘zini yomon ko‘rib qoladi.
- Koelo bilan Murakamini katta yozuvchi, deb aytishadi. Menimcha, buyuk yozuvchilar Markes bilan tugagan. Lekin Paulo Koelo yoki Xaruki Murakami yetishib chiqishi uchun ham muhit kerak. Bu jamiyatning umumiy savodi bilan bog‘liq.