Erkin Vohidov

oʻzbekistonlik shoir, adabiy tarjimon va davlat arbobi

Erkin Vohidov (28-dekabr 1936-yil, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR; 30-may 2016-yil, Toshkent, Oʻzbekiston) — taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi.

Erkin Vohidov
Vikipediyadagi maqola
Vikiombordagi fayllar

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Sheʼr shoir qalbida tug‘ilgan hayotiy tuyg‘ularni ifoda qiladi va shu bilan o‘quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o‘zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‘lmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday sheʼriy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo‘q.
  • Bu olamda yo‘qotishlar ichidagi eng og‘ir yo‘qotish insonning o‘zligini yo‘qotishidir. Odamzod tafakkur va ehtiros, ruhiyat va imon dunyosida yashaydi. U yuragidagi eʼtiqod bilan, ishonch bilan tirik va butun. O‘zlikni yo‘qotmoq ana shu olamdan judo bo‘lmoqdir, inson imoratidagi ruknlarning — ustunlarning sinmog‘idir.
  • Isteʼdod — bu avvalo did, yaxshi did egasi bo‘lish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Isteʼdod — bepoyon tushuncha. U taʼrifga siqqanda edi, uni maʼlum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin bo‘lganda edi, odamlar yo‘q isteʼdodni tarbiyalab bor qilgan bo‘lardilar. Gorkiy, isteʼdodning 99 foizi mehnat deganini tug‘ma isteʼdodi bo‘lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo‘lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv — qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni “jo‘shidan” deydi. Yaʼni jo‘shmoq. Sheʼriyat ham jo‘shmoqdir. Jo‘shmoq uchun esa 99 foizdan tashqari o‘sha kamtarin bir foiz — yaʼni tug‘ma isteʼdod kerak.
  • Shoirlikning “qora ishi”ni ko‘z oldiga keltirmay, bu nomning o‘ziga, obro‘ va shuhratiga qiziqib sheʼriyat maydoniga intilganlar xato qiladilar. Ko‘pincha bunday xato juda qimmatga tushadi. Xato qilgan odam uchun ham, sheʼriyat uchun ham. Shu sababli “yoshlarga g‘amxo‘rlik” deganda faqat ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘g‘ini bor qilib ko‘rsatish emas, balki ularga rost gapni aytish, yanglishishdan qaytarish ham tushuniladi.
  • Bizning savodxon asrimizda, ayniqsa, adabiyotda isteʼdod bilan havaskorlikni ajratish mushkul bo‘lib qoldi.
  • O‘quvchi uchun avtorning yosh-u qarisi, unvonli, unvonsizi yo‘q. U hamisha yozilgan satrlarga qarab muallifga o‘z munosabatini bildiradi: yo qalbiga jo qiladi, yo unutadi, yo‘qlikka mahkum etadi.
  • Insonga bir marta beriladigan hayotda u umridan, o‘tgan kunidan qoniqib yashashi kerak. Vijdoniga xilof ish qilmay yashasa — bundan ulug‘ baxt yo‘q. Har bir aytgan so‘zing, ishing o‘zingning xohishingga muvofiq bo‘lsa — eng katta baxt shu. Aksincha, insonning o‘z ichki intilishlari, qalbi, eʼtiqodi, so‘zi bilan ishi o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, vijdoni buyurganini qilolmasa, bu — inson uchun juda katta baxtsizlikdir.
  • Adabiyotga sadoqat va eʼtiqod masalasi avvalo so‘z sanʼatining kelajagi to‘g‘risida qayg‘urishdan boshlanadi.
  • Raqobatli dunyoda kitobning qudratli, sehrgar raqiblari ko‘p.
  • Har bir millatning kelajagi istaymizmi-yo‘qmi, o‘qituvchilar saviyasiga bog‘liq. Bu haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim.
  • Biz endilikda sho‘rocha mafkuradan, adabiy mezonlardan butunlay qutuldik. Adabiyotimizni, xususan, mumtoz adabiyotimizni butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatadigan vaqtlar keldi.
  • Mumtoz adabiyotimiz namunalari orasida baʼzan shunday baytlar, misralar borki, ularni mutolaa qilgan inson qalbi va ruhiyatida ajib bir o‘zgarish, poklanish sodir bo‘lganini his etadi. Bu g‘azallar oddiy ilhom lahzalarida emas, ilohiy ilhom to‘lqinlaridan tug‘ilgan bo‘lsa ajabmas. Bolalarimiz mana shu bebaho va beqiyos maʼvolardan bebahra qolmasligi kerak.
  • Shoir, yozuvchilar to‘yga yurmaydilar, televizorda chiqishdan manfaatlari yo‘q, oynai jahondan o‘zlarini tortib yuradilar. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Elga ko‘rinib turish, el ichida bo‘lish odamlarda adabiyotga, kitobga mehr uyg‘otish uchun kerak. Axir mehr ko‘zda degan gap bekorga aytilmagan.
  • Biz o‘zbeklarda istihola kuchli. O‘zni namoyon qilishdan tortinamiz… Endi o‘sha istiholani yig‘ishtirib, xalq bilan muloqotning hamma shakllaridan foydalanishimiz lozim. Bu zamon oldidagi, Vatan oldidagi burchimizdir.
  • Adabiyot hamisha maʼnaviyatning oldingi qatorida borgan va shunday bo‘lishi kerak.

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!