Erkin Aʼzam

Oʻzbek yozuvchisi

Erkin Aʼzam (10-avgust 1950-yil, Surxandaryo, OʻzSSR) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri.

Erkin Aʼzam
Fayl:Erkin Aʼzam.jpg
Vikipediyadagi maqola

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Teranlik o‘rniga — shaklbozlik, mahorat daʼvosi, chiroyli yozish, originallikka intilish. Bular ham kerak, lekin katta dard, og‘riq bo‘lmasa, hammasi bir pul!
  • …yozuvchi odam har kuni yozishi kerakdir-u, ammo har kuni kitobxonning oldiga chiqavermasligi kerak. Negaki, arzigulik fikr har kuni, har oy, har yil ham tug‘ilavermaydi. Uning tug‘ilishini, yetilishini, pishishini kutish, sabr-toqat bilan kutish lozim. Yozish sanʼat bo‘lgani kabi, sukut saqlash, jim turish ham bir sanʼatdir.
  • … chinakam adabiy munaqqid hasad-u baxillik dardiga mubtalo, muayyan asar muallifining belini sindirmoqqa qasd qilgan boltabardor emas, adibning yaqin maslahatgo‘yi, homiysi, adabiyot gulshanining xolis, hassos bir gulchini bo‘lmog‘i darkor.
  • Jo‘nlik, sxematizm, fikr qashshoqligi — menimcha, adabiyotimizning ko‘ngildagidek dovruq qozonolmayotganiga sabab shu illatlar. Bu kasallik kitobxonlarimizgagina, baʼzi tanqidchilarimizning ham miyasiga shu qadar singib ketganki, sal “chetga chiqish”ni ko‘rsa, hayron bo‘ladi.
  • Romanga uringan yosh qalamkashlar masalasiga kelsak, qo‘ying, yozaversin, birortasi tuzuk chiqib qolar, balki. Lekin maqsad roman yozish emas, birinchi navbatda, yaxshi asar yozish bo‘lmog‘i darkor.
  • Baʼzan hikoyaning sanʼat asari ekanini unutib, gap aytishga, gazetadagi oddiy tanqidiy xabardagi faktlarni problema qilib ko‘tarishga berilib ketamiz. Menimcha, har bir hikoya, birinchi galda, avtorning o‘zi uchun yangilik, oldingilariga o‘xshamagan, qalamga olingan xarakter bilanmi, situatsiya bilanmi, yozilishi, kompozitsiyasi bilanmi — maʼlum darajada kashfiyot bo‘lishi kerak.
  • Hikoya yozmoq uchun nima kerak deysizmi? Insoniy did va isteʼdod kerak!
  • Gohida yaxshi hamsuhbat uchrab qolsa, jag‘im ochilib ketadi. Lekin baʼzi izdihom, anjumanlarda miq etmasligim mumkin. Yozishga kelsak, sergaplikka — “so‘z bo‘tqasi”ga mutlaqo qarshiman. O‘quvchining ham vaqtini hisobga olish kerak. Umrim bino bo‘lib, ezmalik menga yoqadi, degan odamni uchratmadim. Yozuvchi dangal, bo‘lar gapni aytgani maʼqul.
  • …yozuvchi kichik hikoya yozadimi, kattaroq qissa-romanmi, albatta, yangi gap aytishi kerak. Aslida, yozish — ko‘ngil mayli. Yozuvchi-shoirdan uni yoz, buni yoz deb talab qilish — ijod erkinligining muqaddas tamoyiliga zid. Ijod ahliga faqat bitta talab qo‘yilishi mumkin: nimani yozsang yoz, ammo toza va haqqoniy yoz!
  • …adabiyot insonni garchi har taraflama teran tadqiq etishi lozim ko‘rilsada, iloji boricha uning ijobiy jihatlarini, olijanob xislatlarini qalamga olgan maʼqul ekan. Bunda, albatta, yozuvchi do‘stim aytganidek, qanday yozish, yaʼni o‘xshatib ifodalash muhim.

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!