Ayzek Azimov (inglizcha: Isaac Asimov)(2-yanvar 1920-yil; 6-aprel 1992-yil) — amerikalik fantast yozuvchi, fan targʻibotchisi va Boston universiteti biokimyo professori boʻlgan.

Ayzek Azimov
Vikipediyadagi maqola
Vikiombordagi fayllar

Iqtiboslar

tahrirlash
  • Odamlar o‘zlarini qo‘shnilaridan yaxshiroq, madaniyatlari qadimiyroq va yuqoriroq, boshqa yerlarga tarqalgan jamiki yaxshi jihatlar ulardan olingan, yomonliklar esa o‘zga mamlakatlarda o‘ylab topilgan, deb hisoblashga o‘rganib qolganlar.
  • Kelajakda ham kitobning o‘rnini hech narsa egallay olmaydi, xuddi o‘tmishda egallay olmaganidek.
  • Agar shifokor menga besh minut umrim qolganini aytsa, vahimaga tushmayman. Faqat tezroq nimadir yozib qolishga urinaman.
  • Tarixiy jarayon shunday nuqtaga keldiki, endi insoniyatga dushmanlik qilish, yovlashish mumkin emas. Yerdagi odamlar bir-birlari bilan do‘stlashishlari lozim. Men, shu g‘oyani o‘z asarlarimda alohida taʼkidlab kelaman…
  • Mayli, barcha kishilar bir-birlarini yaxshi ko‘rmasinlar, biroq ular orasidagi nafratni albatta yo‘qotish shart.
  • Ilmiy fantastika barcha odamlarning birlashishlariga yordam beruvchi soha deb qattiq ishonaman.
  • Ilm-fanda ifoda etiladigan eng hayajonli so‘z “Evrika!” emas, “Mana bu ajoyib-ku!”dir.
  • Bahslashmaydigan ayollarni kamchiliklardan xoli deb hisoblayman.
  • Agar ovqat shirin bo‘lsa, u zararlidir.
  • Masʼuliyatlilik — og‘ir ish emas.
  • Insoniyat tarixini anglash qiyin. Kichik o‘zgarishlar katta kutilmagan natijalarga olib kelgan.
  • Jahli chiqib turgan odamning haqoratlaridan xafa bo‘lmang. Agar, u tinchlanib, haqoratlarini yana qaytarsa, shundagina ranjishingiz mumkin.
  • Hayotda turli savollarga to‘g‘ri javob topishdan qiziqarliroq ish bormi?
  • Balog‘atga yetganimizdan so‘ng, biz o‘zgarmaymiz, faqat yoshimiz ulg‘ayadi va ajinlarimiz ko‘payadi. Ammo, bu tashvish chekishga arzimaydi.
  • Kam degani, umuman yo‘q, degandan ko‘ra yaxshiroqdir.
  • Qarishni ham bilish kerak. Siz qariganingiz sari muloyimroq, odamlarga mehribonroq bo‘lib boring. Asosiysi, atrofdagilar siz o‘z hayotingizdan qoniqayotganingizni va rohatlanib yashayotganingizni ko‘rishsin.
  • Jamiyat boshida turuvchi robot yaratilganda, u eng yaxshi siyosatchi bo‘lgan bo‘lardi. Robototexnika qonuniga muvofiq, u odamlarga ziyon yetkaza olmasdi, zo‘ravonlik va poraxo‘rlik qilmasdi. U qarimas va o‘lmas ekanligini bilsa ham, vaqtida isteʼfoga chiqardi.
  • Avval o‘yla, keyin indama.
  • Seni kim deb hisoblashlari emas, sen o‘zingni kim deb his qilishing muhimdir.
  • Ishonch va matonat doimo mukofotlanadi. O‘simlik poyasini ushlab, shahd bilan hamla qiling, u dushmanga to‘qmoqdek tuyuladi. Taraqqiyot faqat ixtirolar orqaligina amalga oshadi.
  • Hayot – yo‘qotishlar zanjiridir. Yoshligingni, ota-onangni, do‘stlaringni, sog‘lig‘ingni va oxirida hayotning o‘zini ham yo‘qotasan.
  • Fantast-yozuvchilar nima qilayotganliklarini o‘zlari ham aniq bilmaydilar. Ularning ko‘pchiligi o‘z ijodlarini tirikchilik manbai deb aytishlari mumkin. Ammo, men uchun, ular — nomaʼlum va xavfli kelajakka boqishga jazm etayotgan insoniyat ko‘zlaridir.
  • Tarixchilarning maʼlumotiga ko‘ra Makedoniya shohi Filipp qo‘shni Sparta davlatiga bunday maktub yuborgan: “Agar, men yurtingizga kirsam, Spartani yer bilan bitta qilib tashlayman!” Ular bitta so‘z bilan javob qaytarganlar: “Agar!” Bu insoniyat tarixidagi eng qisqa javob xati hisoblanadi.
  • Saljuqiylarning buyuk hukmdori Malikshoh uzoqroq yashaganda yoki isteʼdodli taxt vorisiga ega bo‘lganda, Salb yurishlari avval boshdanoq halokatga uchrardi. Umuman olganda, salbchilarning ayrim muvaffaqiyatlari musulmonlar orasidagi kelishmovchiliklar tufayli yuz bergan.
  • Fransiyada, qirol Lyudovik VII davrida, shamol tegirmonlari qurilishi boshlangan. Bu g‘oya o‘sha paytlarda texnologiya sohasida ancha ilg‘or bo‘lgan Sharq mamlakatlaridan ortga qaytayotgan salbchilar tomonidan olib kelingan. Salb yurishlari natijasida, u yerlarda o‘rganilgan yangicha tafakkur va yetuk g‘oyalarning qimmati, yutqizilgan yoki yutilgan janglar ahamiyatidan ancha yuqori bo‘lgan.
  • Matematikadan boshqa hech vaqoni bilmasang, buyuk matematik deb hisoblanishing mumkinmi?
  • Olg‘a qadam tashlash uchun doimo sabab bor. Faqat uni o‘z vaqtida topib turish lozim.
  • Ishonch aqldan ustun.
  • Hayot, umuman olganda, antiqadir. Antiqalik unga to‘liq mos keluvchi yagona sifatdir.
  • Men amaldorlarning ko‘pini ko‘rdim, ammo ularning orasida baxtlilarini uchratmadim. Amal — polga qoqib qo‘yilgan kursi emas. Shuning uchun, amaldor doimo kursini kimdir siljitmasligidan ogoh bo‘lib, hamisha xavotirda ishlaydi.
  • Muammoni hal qilishning eng oson yo‘li — uni yo‘q deb faraz qilishdan iborat.
  • Olti — “aʼlo sonlar”ning birinchisidir. Uning bo‘linuvchilarining yig‘indisi o‘ziga teng. Yaʼni, 6 da ular uchta: 1, 2 va 3. Ularning yig‘indisi 6 ga teng. Bunday sonlar ko‘p emas. Undan so‘ng, 28 keladi: 1+2+4+7+14=28. Keyingilari, 496 va 8128 sonlaridir. Bu narsani qadimgi matematiklar yaxshi bilishgan.
  • Ilmiy haqiqat qonuniy yoki noqonuniy kabi tushunchalardan tashqaridadir.
  • Faylasuf bo‘lish uchun oliygohda o‘qish shart emas. O‘tkir aql va hayotiy tajriba kerak.
  • Ozod bo‘lishni istagan odamgina ozod bo‘la oladi.
  • Qo‘rquv — insonga kerak. U ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatadi va hayotni asraydi.
  • Biz qanday usulda rizq-nasiba topayotganimiz, qay holatlardan zavqlanayotganimiz, qanday g‘oyaga ishonayotganligimiz, nimalarni yaxshi, nimalarni yomon, deyayotganimiz — madaniyatdir.
  • Bu sayyorada birgina ishlab chiqarish rivojlangan edi, yaʼni davlat tomonidan birgina mahsulot — qonun chiqarilardi. Butun hayot jarayoni betinim boshqarilardi. Sayyorada odamlar, uy hayvonlari va parazit-tekinxo‘rlar yashardilar. Trantorda boshqacha hayot yo‘q edi.
  • Yomon xabarlar burgut qanotida keladi, yaxshilari esa toshbaqa oyoqlarida.
  • Ayni hayotdan qoniqmaslik insoniyatni taraqqiyotga va madaniyat rivojlanishiga undagan. Holatidan qoniqib o‘tiraberish — ortga ketishdir.
  • Pulning jozibasi — juda kuchli. Lekin, hayotga jiddiy qaragan odam uchun pulning o‘zi yetarli emas.
  • Kimnidir sevsang, uning ko‘zlarida hamisha quvonch chaqnayotganligini ko‘rging keladi.
  • Atirgul — loy va iflos tuproqda o‘sadi.
  • O‘tgan zamonni butunlay unutish mumkin emas, chunki u bugunni keltirib chiqargan.
  • Mish-mishlarni barcha zamonlarda to‘xtata olishmagan.
  • Sen ko‘phujayralik organizm sifatida taxminan ellik trillion hujayradan iboratsan. Lekin, shaxs sifatida, aytilgan barcha hujayralar ahamiyati yig‘indisidan muhimroqsan.
  • Ishlarni rivojlantirish uchun rejalar tuzishning o‘zi kamlik qiladi. Ularni vaqt kelganda o‘zgartirishni ham bilish kerak.
  • Men to‘satdan, odamlar ahmoqdir, degan fikrga kelib qoldim. O‘ylab ko‘ring, insonlar xatti-harakatlarini tartibga soluvchi qonun-qoidalar yo‘q edi, ularni o‘ylab topishdi. Ammo, odamlar, shu, o‘zlari o‘rnatgan qoidalarga rioya qilishmaydi. Ajab!..

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!