Abdulla Qahhor
Oʻzbek yozuvchisi
Abdulla Qahhor (1907-yil – 1968-yil) — O‘zbek adabiyotining atoqli namoyondasi, mohir hikoyanavis va yozuvchi.
Abdulla Qahhor | |
Vikipediyadagi maqola | |
Vikiombordagi fayllar |
Iqtiboslar
tahrirlashVatan va vatanparvarlik haqida
tahrirlash- Uyingni o‘g‘ri bossa, o‘g‘lingni sandiqqa solib qo‘yib, qo‘shningni chaqirmaysan.
- Xalqni ko‘rgani, yurtga qaragani bo‘yi yetmaydigan odamchaning oftobshuvoqda qornini yalab, orqa oyog‘i bilan bo‘ynini qashlab yotgan mushuk boladan farqi yo‘q.
- Xalqning qalbiga uzoqdan qo‘l solib bo‘lmaydi, qo‘l solish uchun uning oldiga borish kerak.
- Yurtni obod qilaman degan kishi o‘zi obod bo‘ladi.
- Yurtdan chiqish tiriklay go‘rga kirish degan so‘z.
- O‘zbek dehqoni o‘z qo‘liga olgan tuprog‘imiz haqiqatan oltin tuproq bo‘lib qoldi.
Inson, qadr-qimmat va qudrat haqida
tahrirlash- Inson bamisoli bir mashina, mashinaning sarf qilingan quvvatini ishga aylantirish qobiliyati turlichadir. Inson ham shunday. Insonlarning ham insoniyatga foyda yetkazish qobiliyati turlicha. Fan mashinalarning shu qobiliyatini orttirishga, ya’ni sarf qilingan quvvatdan iloji boricha ko‘proq foyda chiqarishga uringanday, tarbiya ham insonning jamiyatga foyda yetkazish qobiliyatini oshirishga urinadi. Fan hali sarf qilingan butun quvvatni isrofsiz foydali ishga aylantiradigan mashina topolgani yo‘q, ammo tarbiya buni topdi, Yer yuzida shunday bir tarbiya borki, bu tarbiyani ko‘rgan kishi kuch va umrini samarasiz, xudbinlik natijasi bo‘lgan ishlarga sarf qilmaydi. Bunday tarbiyani beradigan murabbiy avval o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak.
- Inson hamma yerda ulug‘... Uning ulug‘ligi qo‘lidan kelgan ishlarda, yaratuvchiligida ko‘rinib turadi.
- Ko‘z yoshi-e ye ko‘ngildagi g‘am-g‘ussaning damini kesish, yo berahmning rahmini keltirish uchun to‘kiladi.
- Odam bolasining o‘lim kutishiga, ya’ni dunyodan umid uzishiga ishonmayman.
- Odamning yomoni bo‘lmaydi. Birov tosh, birov gul, o‘z joyida ikkovi ham yaxshi.
- Odamning odamga aksi uradi.
- Odamning chiqiti bo‘lmaydi.
- Taqdirini o‘z qo‘liga olgan odamlarning kelajagi, albatta, yorqin bo‘ladi, hali bu ne’matga erishmaganlarning yo‘lini kurash yoritadi.
- Shunday odamlar ham bo‘ladiki, tug‘ilganda hech kim sevinmagan bo‘lsa ham, o‘lganda butun yurt aza tutadi.
Ko‘zbo‘yamachilik va munofiqlik haqida
tahrirlash- Ajoyib it. O‘g‘ri kirganda olqishlasak, yotib dumini yalaydi.
- Bir odamning biri o‘n sakkiz yashar, biri qirq yashar ikkita xotini bor ekan: yosh xotinning oldiga borganda soch-soqolidagi oq tuklarni yular ekan, qari xotinining oldiga borganda qora tuklarni... Shunday qilib bu odam moxovdek bo‘lib yurar ekan.
- Mushuk... osmondan tashlab yuborsang oyog‘i bilan tushadi.
- Shaxsiy boylik orttirish, o‘g‘rilik va muttahamlik qilish uchun amal, mansabni issiq uyaga aylantirgan ko‘zbo‘yamachilar xalq bilan davlat orasiga parda tortadi, xo‘jalikni izdan chiqaradi. Ilm-fan ahllarining boshini aylantiradi, rahbar tashkilotlarni yanglishtiradi va hokazo! Ko‘zbo‘yamachilik natijasida vujudga kelgan yomon ahvolning jabrini borib-borib xalq tortadi.
- O‘z xotinini aldagan odam o‘ynashiga rost gapirmaydi.
Nuqson va murosasizlik haqida
tahrirlash- Bir narsa haqida birgina odam gapirsa balki hali hech nima yuz bermagandir. Lekin boshqalar ham gapira boshladimi, demak, bir gap bor, bu ishga endi diqqat qilmoq lozim.
- Biz xatolarni qancha tez tuzatsak, o‘tmish madaniyatimiz uchun ham, kelgusi taraqqiyotimiz uchun ham shunchalik katta savob ish qilgan bo‘lamiz.
- Yiqilgan qoqilganga kulibdi.
- Kamchiliklarni chimdib olib tashlash bilan ish bitmaydi... tomiri bilan sug‘urib tashlash zarur. Buning uchun hovliqmasdan, shovqin solmasdan, umidsizlikka tushmasdan, sabr va qunt bilan ish ko‘rish kerak, o‘shanda... kamchiliklarning katta-kichik, yashirin-oshkora oqibatlarini topib, bu yomon oqibatlarga ilg‘or odamlarning, shular vositasi bilan butun xalqning diqqatini tortish, shu yo‘l bilan bu kamchiliklarning payini qirqish... mumkin bo‘ladi.
- Odam o‘z gunohini birovning gunohi bilan yuvmoqchi bo‘lishi chakki, chunki gunohni gunoh hech qachon yuva olmaydi.
- Tomoqqa qiltiriq tiqilsa, mushukning tirnog‘i dori.
- Tilini tishlab olgan odam tishini sug‘urib tashlamaydi.
- Chalasavod kishi o‘zidan past, nima desa «hikmat» deb turadigan odamlar bilan ulfatchilik qilishga moyilroq bo‘ladi.
- O‘lik tirikning joniga oro kiradi.
- Qoqilgan odam yo‘lda yotgan toshdan o‘pkalanmaydi.
Nodonlik va ezmalik haqida
tahrirlash- Ayniqsa bahor kunlari majlisdan yomoni yo‘q! Ko‘cha-kuyga suqlanib qarab o‘tirganingizda bir odam minbarga chiqib, sartaroshning qaychisidek shaqillayversa... har qanaqa odamning ham uyqusi keladi.
- Birovning uyiga oyog‘ingni artmasdan kirgani-ku ibo qilasan, nega havoni bulg‘atgani ibo qilmaysan?!
- Gapni tonnalab oling-u grammlab soting.
- Don Kixot bo‘yi, bo‘yni, yuzi, burni — hammasi uzun, faqat aqli qisqa, xolos.
- Odamlarki bor, halol mehnat bilan o‘zini ko‘rsatgani erinadi-yu, olamda borligini ma’lum qilib turish uchun ko‘proq gapirishga harakat qiladi; majlis-pajlisda so‘z tegib qolsa, foydali biron fikr aytish uchun emas, gapirish, faqat gapirish uchun gapiradi. Jamiyatda o‘zi ko‘rinmay faqat tovushi chiqadigan bu xildagi odamlar, tekin quloq topilsa, bitta eski do‘ppi to‘g‘risida sakkiz soat suv ichmasdan gapiradi. Odamlar esnaydi, mudraydi, majlis raisiga xo‘mrayib qaraydi...
Halollik, poraxo‘rlik va tamagirlik haqida
tahrirlash- Amaldorni maqtagan odam borib uni qulog‘iga maqtaydi. Ko‘pchilik o‘rtasida maqtaydi. Bu o‘sha amaldorga obro‘ keltiradi. Va u obro‘ni maydalab pul qiladi.
- Birov poraxo‘rning bilagidan og‘gan moyni itday yalaydi; birov «poraxo‘r hurkmasdan olsin, bemalol yesin» deb poraning otini «sovg‘a», «hadya», «to‘yona», «yordam» qo‘yib beradi.
- Bitta go‘l poraxo‘rni tutishdan ko‘ra yigirmata uchar o‘g‘rini tutish osonroq. O‘g‘ri urgan kishi «dod, o‘g‘rini ushla» deydi, pora bergan kishi «dod, poraxo‘rni ushla!» demaydi.
- Bu zamonda obro‘ning birdan bir manbayi — mehnat, obro‘ esa pul yasash quroli emas, xalqning hurmatiga sazovor bo‘lishdir. Demak, obro‘ni pul sochib topish mumkin emas, bunga urinish xalqning o‘rinli shubha va nafratini qo‘zg‘atadi, xolos.
- Boshiga ish tushgan odamni shilish — o‘likning kafanini yechib olishday gap.
- Jonini olgani kelgan Azroildan ham pora so‘raydi.
- Jurnal, gazeta yozuvchilar ijodini muzayyan qilib, kitobxonlar oldiga yoziladigan dasturxon. Bas shunday ekan, bu dasturxon halol va pok bo‘lmog‘i kerak.
- Kimning go‘ri kuysa kuysin-u, mening qozonim qaynasin, degan ekan bir tamagir.
- Ko‘chada yotgan suyakni qaysi it g‘ajimaydi!
- Foydasi naqd bo‘lmagan haq so‘zdan ko‘ra foydasi naqd nohaq so‘z quloqqa tezroq kiradi.
- Porani qildek sug‘urib, ilikdek yutadi.
- Ta’na qilish — qattiq o‘pkalash degan so‘z.
- O‘zi to‘ymaganning salqiti qorin og‘ritadi.
- O‘g‘ri kechasi yo‘lingizni to‘sib cho‘ntagingizga qo‘l soladi, pulingizni oladi, oladi-yu, qochadi-ketadi. Poraxo‘r kuppa-kunduz kuni, yana hukumat idorasida o‘tirib cho‘ntagingizga qo‘l soladi, pulingizni oladi-yu, qochib ketmaydi, jinoyatga sizni sherik qiladi.
- Hay-hay, yo alhazar... bu odamning og‘ziga olgan luqmalarini uncha-muncha odam otashkurak bilan ushlashga hazar qiladi.
- Haqiqatan, poraxo‘rdagi qulay sharoit hech bir o‘g‘rida yo‘q.
- Halol odamning yaxshi niyatini barbod qilish, uni harom yo‘lga, halokat chohi yoqasiga boshlashdan og‘irroq jinoyat yo‘q.
Muomala haqida
tahrirlash- Birov gapni yog‘lab gapiradi, birov tikanak bog‘lab gapiradi, ... odam gapni qay tarzda gapirganiga emas, nima deganiga qaralsa, durust bo‘lar...
- Kirpitikanni turtsangiz tikanini hurpaytirib oladi-yu, keyin qo‘l tegizib bo‘lmaydi.
- Mezbon uzoq yo‘ldan kelgan mehmonni ochiq chehra bilan qarshi olmasa, bir piyola choyini darig‘ tutsa, biron harakati yoki so‘zdagi ohangi bilan “nega kelding, yo‘qlab turgan edimmi?” degan ma’noni bildirsa, mehmonning qay holatda qolishini tasavvur qila olasizmi? Agar mehmon mezbon oilasida biron janjal bo‘layotgani ustidan chiqsa, bundan ham yomon, o‘ng‘aysiz holatda qoladi. Mezbon uning uchun jonini fido qilsa ham, o‘sha janjalning natijasi bo‘ladigan bir necha minutlik jimlik yoki asabiy yuzida aks etgan soxta tabassum hammasini yuvib ketadi.
- Olamda kishini yayratadigan narsalarning hisobi yo‘q, ammo bularning hammasi zaharli so‘z, olovli qamchi kutgan kishing tomonidan bo‘lgan iltifotga yetarmikan?